Afg‘oniston O‘zbekistonga 100 ming tonna kartoshka yetkazib beradi
Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida yetishtirilgan 100 ming tonna kartoshkani O‘zbekistonga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Dastlabki sakkizta yuk mashinasi Termizga jo‘natilgan.
· 1 daqiqa o‘qish

Afg‘oniston O‘zbekistonga 100 ming tonna kartoshka eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Afg‘oniston Savdo-sanoat va investitsiyalar palatasi (ACCI) ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, kartoshka Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida yetishtirilgan. Ikki davlat savdo palatalarining hamkorligida amalga oshirilgan tajriba tariqasidagi ekin yetishtirish ishlari mahsulotni O‘zbekiston bozoriga olib chiqish imkonini bergan.
Afg‘oniston Savdo-sanoat va investitsiyalar palatasi raisi Sayid Karim Hoshimiy hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Bomiyon kartoshkasining 100 ming tonnasini O‘zbekistonga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Hozirda eksport shartnomasini tayyorlash va imzolash ishlari davom etmoqda.
Shu bilan birga, kartoshkaning dastlabki partiyasi — sakkizta yuk mashinasi Afg‘onistonning Hayraton porti orqali O‘zbekistonning Termiz shahriga jo‘natilgan.
Ikki davlat savdo palatalari mahalliy hokimiyat vakillari bilan hamkorlikda fermerlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, mahsulotni xarid qilish, sotish va tashish jarayonlarini muvofiqlashtirmoqda.
Mazkur hamkorlik Afg‘oniston fermerlari uchun yangi bozor imkoniyatlarini yaratish hamda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.


