Dunyo aholisi 65 yilda 5,2 milliardga ko‘paydi — Afrika olti baravar o‘sdi, Yevropa deyarli joyida qoldi
Jahon bankining rivojlanish ko‘rsatkichlari bazasiga ko‘ra, 1960-yilda Yer yuzida 3,02 milliard kishi yashagan. 2025-yilga kelib bu raqam 8,22 milliardga yetdi — ya’ni 65 yilda aholi 5,2 milliard kishiga ko‘paydi.
· 2 daqiqa o‘qish

O‘sish butun dunyoda bir xil kechmagan. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika 1960-yildagi 228 milliondan 1,32 milliardga yetdi — 5,8 baravar o‘sish. Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Afg‘oniston va Pokistonni qamrab oluvchi mintaqada aholi 158 milliondan 828 millionga (5,2 baravar), Janubiy Osiyoda 508 milliondan 1,69 milliardga (3,3 baravar), Lotin Amerikasi va Karib dengizi havzasida 219 milliondan 667 millionga (3,0 baravar) ko‘paygan.
Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasida aholi 1,04 milliarddan 2,39 milliardga (2,3 baravar), Shimoliy Amerikada 199 milliondan 384 millionga (1,9 baravar) o‘sgan. Eng sekin o‘sish Yevropa va Markaziy Osiyoda: 668 milliondan 933 millionga, ya’ni atigi 1,4 baravar.
Bu farq aholining «yoshi»da ham ko‘rinadi. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada bugungi aholining 83 foizi 1960-yildan keyin qo‘shilgan — ya’ni har olti kishidan besh nafari. Yevropa va Markaziy Osiyoda bu ko‘rsatkich atigi 28 foiz: har to‘rt kishidan bittasi o‘sha davrda qo‘shilgan.
Sababi — tug‘ilish va o‘lim nisbati. Aholi o‘sishi tug‘ilganlar soni o‘lganlardan ko‘p bo‘lganda yuz beradi. 1965-yilda har 1000 kishiga 35 ta tug‘ilish va 13 ta o‘lim to‘g‘ri kelgan, farq 2 foizni tashkil etgan. Keyinchalik bu farq asta-sekin qisqargan: tug‘ilish darajasi pasaygan, umr ko‘rish uzaygan.
Bugun mintaqalar demografik o‘tishning turli bosqichida. 2023-yilda Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada bir ayolga o‘rtacha 4,3 bola to‘g‘ri kelgan — bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich. Yevropa va Markaziy Osiyo hamda Shimoliy Amerikada bu ko‘rsatkich 1,6, Sharqiy Osiyo va Tinch okeanida 1,3 bo‘lgan.
Aholining yosh tarkibi ham keskin farq qiladi. Yevropa va Markaziy Osiyo hamda Shimoliy Amerikada aholining qariyb 18 foizi 65 yoshdan oshgan, 17 foizi 0–14 yoshda. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada esa 40 foiz aholi bolalardan iborat, 65 yoshdan oshganlar atigi 3 foiz.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining prognoziga ko‘ra, dunyo aholisi o‘sishda davom etib, 2050-yilda 9,6 milliardga yetishi mumkin.


