Erkinjon Turdimov rektorlar ishdan olingani haqidagi xabarlarni rad etdi
Ta’lim va fan vaziri Erkinjon Turdimov besh nafar universitet rektori ishdan olingani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Uning aytishicha, 6-noyabr kungi yig‘ilishda to‘rt nafar rektorga qattiq ogohlantirish berilgan. Ularning lavozimida qolish-qolmasligi maxsus ishchi guruh xulosasi asosida hal qilinadi.
· 2 daqiqa o‘qish

O‘zbekistonda besh nafar oliy ta’lim muassasasi rektori lavozimidan ozod etilgani haqida tarqalgan xabarlarga Ta’lim va fan vaziri Erkinjon Turdimov izoh berdi.Vazir samarqandlik jurnalist Karimberdi To‘ramurodga bergan intervyusida bu ma’lumotlarni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgacha birorta rektor ishdan olinmagan. 6-noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda esa besh nafar emas, to‘rt nafar rektorga qattiq ogohlantirish berilgan.
Turdimovning ma’lum qilishicha, vazirlikda rektorlar faoliyatini o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan. Qaysi rahbar o‘z lavozimida qolishi yoki lavozimidan ozod etilishi ushbu guruhning xolis xulosasiga bog‘liq.
Suhbat davomida vazir oliy ta’lim muassasalaridagi bilim sifati bilan bog‘liq muammoga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, nomi ochiqlanmagan institutlardan birining rektori eng a’lochi talabalari sifatida taqdim etgan 10 nafar talabadan standart test olingan. Biroq ularning birortasi ham uch baho olishga muvaffaq bo‘lmagan.Jurnalist ta’lim tizimidagi korrupsiya va mavjud kamchiliklar haqida ham savol bergan. Bunga javoban Turdimov tizimdagi muammolarni yaxshi bilishini, ularni bartaraf etish oson bo‘lmasligini ta’kidlagan. Shuningdek, u ta’lim sohasida katta inqilobiy o‘zgarishlar qilishga va’da bermasligini, biroq tizimda tartib o‘rnatishini bildirgan.
Intervyuda maktab darsliklaridagi xatolar masalasi ham ko‘tarilgan. Vazir darsliklarda kamchiliklar borligini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, darsliklarning mazmuni bilan vazirlik bevosita shug‘ullanmaydi. Shu yo‘nalish uchun mas’ul Ta’lim markazi hamda Ilmiy tadqiqotlar institutiga darsliklar mazmuniga oid takliflar yuborilgan.
Shuningdek, Turdimov yoshlar tarbiyasida or-nomus, g‘urur va vatanparvarlik kabi qadriyatlar yetishmayotganidan tashvish bildirgan.
Avvalroq, 6-noyabr kungi yig‘ilishdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov va Samarqand davlat chet tillari instituti rektori Bahodir Holiqov ham lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.Hozircha rektorlarni ishdan bo‘shatish bo‘yicha yakuniy qaror e’lon qilinmagan.


