Mahkumlarga oliy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar oliy ta’lim tashkilotlariga kirib, masofaviy shaklda kontrakt asosida tahsil olishi mumkin bo‘ladi.

· 1 daqiqa o‘qish

Mahkumlar
Uza uz

O‘zbekistonda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun oliy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Bu Prezidentning 2026-yil 16-noyabrdagi «Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni ozodlikka tayyorlash va ijtimoiylashuvini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–397-son qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, «Yangi hayot» dasturi doirasida 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab mahkumlarga oliy ta’lim tashkilotlariga kirish va masofaviy ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyati beriladi.

O‘qishga qabul qilingan mahkumlarning ta’lim olishi uchun jazoni ijro etish koloniyalarida videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalar ajratiladi.

Shuningdek, 2027/2028-o‘quv yiliga qadar jazoni ijro etish muassasalarida 310 ta o‘quv va 420 ta amaliy mashg‘ulotlar xonasini tashkil etish rejalashtirilgan.

2030-yilga qadar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida 50 ta kasb bo‘yicha o‘quv dasturlari joriy etiladi. Har yili kamida 15–20 ming nafar mahkumni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish ko‘zda tutilgan.

Qarorda mahkumlarni kasbga o‘qitish orqali takroriy jinoyatchilik darajasini 30 foizga qisqartirish maqsadi ham belgilangan.

Bundan tashqari, yosh mahkumlar orasidan saylov yo‘li bilan yoshlar faollari tanlanadi. Ular har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida rag‘batlantiriladi.

Barcha koloniyalarda mahkumlar o‘rtasida masofaviy shaklda «Yosh kitobxon» tanlovi tashkil etiladi. Shuningdek, koloniya kutubxonalarida «Mutolaa» platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

4marta ko‘rilgan
Manbalar
  • [https://lex.uz/uz/](https://lex.uz/uz/

Yana o‘qing

4marta ko‘rilgan