Renovatsiyada Yangi Toshkentdan 1,5 baravar katta uy taklif qilinishi mumkin
Toshkent renovatsiyasi: hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, mulkdorlarga Yangi Toshkentdan maydoni 150 foizgacha katta uy yoki ikkita xonadon taklif etilishi mumkin.
· 1 daqiqa o‘qish

Toshkentda renovatsiya dasturi doirasida uyi buziladigan mulkdorlarga kompensatsiya variantlaridan biri sifatida Yangi Toshkent hududidan xonadon ajratilishi mumkin. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Xonadonlar Yangi Toshkentda uy-joy loyihalarini amalga oshirayotgan “Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ orqali taqdim etiladi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, bu mexanizm Prezidentning 2026-yil 10-noyabrdagi PF-243-son farmonida nazarda tutilgan.
Mulkdorga amaldagi uyi maydonining 150 foizigacha bo‘lgan yangi uy-joy taklif qilinishi mumkin. Masalan, 50 kvadrat metrli xonadon o‘rniga 75 kvadrat metrgacha bo‘lgan yangi xonadon berilishi ehtimoli bor.
Boshqa variantlar ham ko‘rsatilgan: 70 kvadrat metrli uy o‘rniga 105 kvadrat metrgacha bitta xonadon yoki, masalan, 45 va 60 kvadrat metrli ikkita alohida xonadon.
Hokimlik bu misollar kafolatlangan shart emasligini ta’kidlagan. Har bir holat ko‘chmas mulk va mulkdor ehtiyojidan kelib chiqib alohida ko‘rib chiqiladi.
Takliflarni tayyorlashga mustaqil tashkilotlar jalb etiladi. Xonadon maydoni, soni va boshqa shartlar tomonlar o‘rtasida kelishiladi.


