Ruxsatsiz 51 tup daraxt: quruvchiga 5,18 mlrd so‘m kompensatsiya hisoblandi

Yashnobodda quruvchi ruxsatsiz 51 tup daraxtni kesgan. Kompaniyaga 5,18 mlrd so‘m kompensatsiya va 5 100 tup ko‘chat ekish majburiyati yuklandi.

· 1 daqiqa o‘qish

axlat va ekskavatr
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi Toshkentning Yashnobod tumani, Jarqo‘rg‘on ko‘chasida ko‘p qavatli uy-joy majmuasini qurayotgan kompaniya faoliyatini o‘rgandi. Tekshiruvda bir qator ekologik qoidabuzarliklar aniqlangan.

Eng katta qoidabuzarlik — daraxtlar. Kompaniya 50 tup archa va 1 tup chinorni kesish uchun ariza bergan, biroq shahar ekologiya boshqarmasi ruxsat bermagan. Shunga qaramay, 51 tup daraxt kesib tashlangan.

Boshqa buzilishlar ham qayd etilgan: yuk mashinalari g‘ildiraklarini yuvish moslamalari o‘rnatilmagani uchun loy va tuproq Jarqo‘rg‘on ko‘chasi bo‘ylab 2–2,5 kilometrgacha yoyilgan. Kompaniya eski binolarni buzishdan chiqqan 126 188,9 tonna chiqindi va kotlovan qazishdan chiqqan 368 432 tonna tuproq qayerga ketganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Hududda 12 036 tonna chiqindi belgilanmagan joyga to‘plangan. “Yashil makon” dasturi bo‘yicha hududning kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi ham bajarilmagan.

Hisob-kitob: atrof-muhitni ifloslantirish va chiqindilarni noqonuniy joylashtirish uchun 5 milliard 183 million 364 ming 476 so‘m kompensatsiya, kesilgan daraxtlar uchun 396 million so‘m zarar. Kompaniya har bir kesilgan daraxt o‘rniga 100 tupdan, jami 5 100 tup ko‘chat ekishi va ularni uch yil parvarishlashi shart. Rahbariga 4 million 400 ming so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Qo‘mita kompaniyaga changni bosish, chiqindilarni olib chiqish va qayta ishlashga topshirish, ekologik oqibatlar bo‘yicha bayonot loyihasini 10-dekabrgacha ekspertizadan o‘tkazish yuzasidan ko‘rsatma bergan.

0marta ko‘rilgan
Manbalar

Yana o‘qing

0marta ko‘rilgan