Sadir Japarov ikkinchi muddat uchun kurashadi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2027-yil 27-yanvarda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun nomzodini ilgari surdi. Hozircha prezidentlikka olti kishi da’vogarlik qilmoqda.
· 1 daqiqa o‘qish

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov kelgusi prezidentlik saylovida ikkinchi muddat uchun kurashmoqchi. U 2026-yil 10-noyabr kuni mamlakat Markaziy saylov va referendum o‘tkazish komissiyasiga o‘z nomzodini mustaqil ravishda ilgari surish to‘g‘risida ariza topshirdi.
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, 10-noyabr holatiga qadar prezidentlikka nomzodini ilgari surish uchun jami olti kishidan ariza kelib tushgan.
Nomzodlarni ilgari surish jarayoni 2026-yil 13-noyabrgacha davom etadi. Shundan so‘ng nomzodlarni belgilangan tartibda ro‘yxatga olish jarayoni amalga oshiriladi. Qirg‘iziston parlamenti qaroriga muvofiq, navbatdagi prezidentlik saylovi 2027-yil 27-yanvarda o‘tkazilishi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, nomzodlik uchun ariza topshirish hali saylovda ishtirok etish uchun rasman ro‘yxatga olinganlikni anglatmaydi.


