Toshkent aeroportida xorijdan olib kirilayotgan telefonlarni bojxonada rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi

Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatildi. Bojxona qo‘mitasi bunga IMEI kodlarini soxtalashtirish va boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlardan noqonuniy foydalanish holatlari ko‘payganini sabab qilib ko‘rsatdi.

· 2 daqiqa o‘qish

Bojxona
Gazeta uz

Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qo‘mita xabarida so‘nggi vaqtlarda mobil qurilmalarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlardan foydalanish hamda bir telefon ma’lumotlari orqali boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish holatlari ko‘paygani qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan 185 ta holatda umumiy qiymati 8,8 milliard so‘mlik 1 185 ta mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yilgan.

Bojxona qo‘mitasi mobil qurilmalarning IMEI-1 va IMEI-2 kodlari aynan bitta qurilmaga tegishli ekanini, shuningdek, ushbu kodlar orqali avval mobil tarmoqda foydalanilgan yoki foydalanilmaganini aniqlash maxsus bilim va malaka talab qilishini ta’kidlagan.

Shu sababli Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi ularning IMEI identifikatorlarini aniqlash va qonuniy olib kirilganini tasdiqlash bilan bog‘liq masalalarga oydinlik kiritilgunga qadar vaqtincha to‘xtatilgan.

Qo‘mita tegishli idoralar bilan hamkorlikda mobil qurilmalarni tekshirish va bojxona rasmiylashtiruvi tartiblarini aniqlashtirish bo‘yicha choralar belgilanganini bildirdi.

Rasmiy bayonotda vaziyatga qisqa muddatlarda oydinlik kiritilishi va bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni belgilangan tartibda davom ettirilishi kutilayotgani aytilgan. Biroq jarayonni qayta tiklashning aniq sanasi ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, fuqarolar telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish bilan bog‘liq savollar yoki korrupsiyaviy holatlar yuzasidan Bojxona qo‘mitasining kecha-kunduz ishlaydigan 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

5marta ko‘rilgan
Manbalar

Yana o‘qing

5marta ko‘rilgan