10 oyda ish joyidagi baxtsiz hodisalarda 231 kishi halok bo‘ldi: 19 foiz ko‘p

Ish joyidagi baxtsiz hodisalar: 2026-yil yanvar–oktabrda 771 holat qayd etildi, 231 kishi halok bo‘ldi. Eng ko‘p hodisa sanoat va qurilish sohasida.

· 1 daqiqa o‘qish

Shlem va fonda yerda yotgan odam
Shutterstock

Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda ishlab chiqarish bilan bog‘liq 771 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Ularda 847 kishi jabrlangan, shundan 231 nafari halok bo‘lgan.

O‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda hodisalar soni 665 tadan 771 taga, ya’ni 15,9 foizga oshgan. Halok bo‘lganlar soni esa 194 nafardan 231 nafarga, qariyb 19 foizga ko‘paygan.

Jabrlanganlarning 586 nafari og‘ir, 30 nafari yengil tan jarohati olgan. Guruhli baxtsiz hodisalar soni 38 ta bo‘lib, o‘tgan yil darajasida qolgan.

Tarmoqlar kesimida eng ko‘p hodisa sanoat va ishlab chiqarishda (259 ta) hamda qurilishda (217 ta) qayd etilgan. Savdo va xizmat ko‘rsatishda 36 ta, transport va logistikada 26 ta holat bo‘lgan.

Hududlar orasida Toshkent shahri (155), Toshkent viloyati (106) va Qashqadaryo (71) yetakchilik qilmoqda. Eng kam ko‘rsatkich Xorazm (20) va Jizzax (21) viloyatlarida.

Inspeksiya jabrlanganlar foydasiga bir martalik va har oylik to‘lovlar sifatida qariyb 16,64 mlrd so‘m undirilganini ham ma’lum qilgan.

5marta ko‘rilgan
Manbalar

Yana o‘qing

5marta ko‘rilgan