2027-yildan bepul dorilar 73 turga, tibbiy tekshiruvlar 36 turga yetkaziladi

Kafolatlangan tibbiy xizmat paketida bepul dorilar 69 tadan 73 turga, tekshiruvlar 36 turga yetadi. Yangi birlamchi yordam modeli yana 100 tumanda joriy etiladi.

· 2 daqiqa o‘qish

Shvkat Mirziyoyev
Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kelasi yildan aholiga bepul beriladigan dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi 36 taga yetkazilishi ma’lum qilindi.

Hozir kafolatlangan tibbiy xizmatlar to‘plami doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasi bepul berilmoqda. Ya’ni ro‘yxat yana to‘rtta nomga kengayadi.

Birlamchi tibbiy yordam islohi ham davom etadi. 28 tumanda sinovdan o‘tkazilgan yangi tizim doirasida 7 million aholi oilaviy shifokorlarga nomma-nom biriktirilgan, laboratoriyalar ishga tushirilgan, shifokor va hamshiralar o‘qitilgan, bemorlar uchun tibbiy yordam olish tartibi belgilangan. Kelasi yildan bu model yana 100 tumanda joriy etiladi.

Kasalliklarni erta aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini skrining tekshiruvi Samarqanddan boshlanadi, 2028-yildan barcha hududlarda yo‘lga qo‘yiladi. Bu maqsadga har yili 700 milliard so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Infarkt va insultni erta aniqlash dasturi besh hududda — Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Toshkentda — sinovdan o‘tgan. Natijada besh oyda bu kasalliklardan erta o‘lim 15 foizga kamaygan, «oltin soat»da yordam ko‘rsatilib, 855 nafar inson erta o‘lim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolingan. 2027-yilda dasturni kengaytirishga 280 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan, u barcha tuman va shaharlarni qamrab oladi.

Uchrashuvda kadrlar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham qarorlar e’lon qilindi: 2027-yildan tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha rezidenturada o‘qish bepul bo‘ladi, birlamchi bo‘g‘in xodimlari bosqichma-bosqich maxsus kiyim-bosh bilan bepul ta’minlanadi, sohada kamida 15 yil ishlagan xodimlarning ipoteka kreditini qoplash uchun 50 milliard so‘m ajratilgan.

0marta ko‘rilgan
Manbalar

Yana o‘qing

0marta ko‘rilgan