Dorilarni retseptsiz toifaga o‘tkazish mezonlari yangilandi
Adliya vazirligi dorilarni retseptli va retseptsiz toifalarga ajratish tartibidagi o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Yangi mezonlar ma’lum bo‘ldi.
· 1 daqiqa o‘qish

O‘zbekistonda dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan toifalarga kiritish tartibi o‘zgardi. Tegishli o‘zgartirishlar Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Endi dorini retseptsiz toifaga o‘tkazishda beshta mezon hisobga olinadi:
shifokorning doimiy nazoratisiz xavfsiz qo‘llash mumkinligi;
noto‘g‘ri qo‘llash, dozani oshirib yuborish va qaramlik xavfi pastligi;
yo‘riqnomaning iste’molchi uchun aniq va tushunarli ekani;
farmakonazorat va sotuvdan keyingi kuzatuv natijalari;
JSST tan olgan nazorat organlari dorini retseptsiz deb e’tirof etgani.
Ikki va undan ortiq faol moddali dorilar ham retseptsiz toifaga kiritilishi mumkin. Bunda har bir moddaning davolashdagi o‘rni, foyda va xavf nisbati, klinik asoslanganligi hamda o‘zaro ta’sir va doza oshishi xavfi baholanadi.
Ariza rad etilgan taqdirda ham arizachi uch yil kutishi shart emas. Rad etish sabablari bartaraf etilsa yoki xavfsizlik va samaradorlik bo‘yicha yangi ma’lumotlar paydo bo‘lsa, qayta murojaat qilish mumkin.
Vakolatli organ yangi ma’lumotlar, kuzatuv natijalari yoki qonunchilikdagi o‘zgarishlar asosida dori toifasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.


