Melaniya Tramp Putin va Zelenskiyga shaxsiy maktub yubordi
Oq uyda Oleshki sulhi yakunida Melaniya Tramp Rossiya va Ukraina vakillariga Putin va Zelenskiyga yozilgan shaxsiy maktublarni topshirdi. Sulh doirasida 800 kishi evakuatsiya qilingan.
· 1 daqiqa o‘qish

AQShning birinchi xonimi Melaniya Tramp 5-noyabr kuni Oq uyda Rossiya va Ukraina vakillarini qabul qilib, Oleshkidagi gumanitar sulh yakunlari bo‘yicha chiqish qildi. Tadbirda Rossiya tomonidan prezidentning maxsus vakili Kirill Dmitriyev va inson huquqlari bo‘yicha vakil Yana Lantratova, Ukraina tomonidan esa Oliy Rada inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets va “Xalq xizmatkori” fraksiyasi rahbari David Araxamiya ishtirok etdi.
Melaniya Tramp o‘z chiqishida Oleshki tajribasi “yanada mustahkam tinchlik” uchun turtki bo‘lishiga umid bildirdi: “Oleshki dunyodagi zulmatda insoniyatning eng yaxshi fazilatlarini yoritishga qodir uchqun bo‘lsin”. U sulh kelishuvi 2026-yil 23-oktabrda rus va ukrain tillarida imzolanganini, o‘zi “yakka vositachi” sifatida muzokaralarning har bir bosqichida ishtirok etganini ma’lum qildi.
Oq uy bayonotiga ko‘ra, sulh doirasida Oleshki va Xerson viloyatining unga tutash hududlariga oziq-ovqat, toza suv va dori-darmon yetkazilgan, qariyb 800 kishi xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Birinchi xonimning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Putinning ham, Zelenskiyning ham hamkorligisiz amalga oshirilmagan.
Chiqish yakunida Melaniya Tramp Putin va Zelenskiyga yozgan shaxsiy maktublarini topshirib, ularni ikki davlat vakillariga yetkazishni so‘radi: “Devid va Kirill, iltimos, bu maktublarni mening nomimdan prezidentlaringizga yetkazing”.
Tadbirda Dmitriy Lubinets birinchi xonimga Zelenskiy ta’sis etgan knyaginya Olga ordenining I darajasini topshirdi. Kirill Dmitriyev esa unga Oleshkidagi bir qiz chizgan rasmni ramkada sovg‘a qildi.


