Mirziyoyev Ostonaga bordi: Aqaba jarayonida sun’iy intellekt xavfsizligi muhokama qilinadi
Prezident 5-noyabr kuni Ostona shahriga keldi. 6-noyabrda Markaziy Osiyo yetakchilari Aqaba jarayoni doirasida sun’iy intellekt xavfsizligini muhokama qiladi.
· 1 daqiqa o‘qish

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-noyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahriga keldi. Tashrif Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev va Iordaniya qiroli Abdulla II taklifiga binoan amalga oshirilgan.
Aeroportda davlat rahbarini Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
6-noyabr kuni Prezident Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Aqaba jarayoni doirasidagi uchrashuvida ishtirok etadi. Uchrashuv sun’iy intellekt sohasida xavfsizlikni ta’minlashga, uning terroristik va ekstremistik maqsadlarda ishlatilishiga qarshi kurashga hamda yangi texnologik xatar va tahdidlarga qarshi turishda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan.


