O‘zbekiston va Ummon fuqarolari bir-birining hududida 30 kungacha vizasiz bo‘ladi
Vizasiz rejim: O‘zbekiston va Ummon bitim imzoladi. Biometrik pasport egalari har bir safarda 30 kungacha, yiliga jami 180 kungacha vizasiz bo‘la oladi.
· 1 daqiqa o‘qish

O‘zbekiston va Ummon Sultonligi fuqarolarni o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi bitimni qabul qildi. Hujjat Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ummonga davlat tashrifi chog‘ida, 17-noyabr kuni Maskatda almashilgan 30 dan ortiq hujjatlar qatorida bo‘ldi.
Bitim kuchga kirgach, ikki davlat fuqarolari bir-birining hududida har bir safarda 30 kungacha vizasiz bo‘lishi mumkin. Bu imkoniyat amal qilish muddati kamida olti oy bo‘lgan biometrik pasport egalariga tegishli.
Shu bilan birga, bir kalendar yili davomida vizasiz bo‘lishning umumiy muddati 180 kundan oshmasligi kerak.
Hozir o‘zbekistonliklar Ummonda 14 kungacha vizasiz bo‘la oladi, Ummon fuqarolari esa O‘zbekistonda 30 kungacha qolishi mumkin. Shunday qilib, yangi tartib o‘zbekistonliklar uchun Ummondagi vizasiz muddatni ikki baravardan ko‘proq uzaytiradi.
Hujjat tomonlar ichki davlat tartib-taomillari bajarilgani haqidagi so‘nggi bildirishnomani olganidan 30 kun o‘tib kuchga kiradi. Aniq sana hozircha e’lon qilinmagan.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Ummon o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqqan. Shuningdek, savdo, investitsiya, transport-logistika, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlik hujjatlari imzolangan.


