O‘zbekistonda 4,5 milliard dollarlik to‘rtta shaharsozlik loyihasi rejalashtirilmoqda

Vyetnamning ROX Group kompaniyasi Buxoroda ikkita, Toshkent va Samarqandda bittadan loyiha qurmoqchi. 285 gektar maydon 115 ming aholiga mo‘ljallangan.

· 1 daqiqa o‘qish

Shavkat Mirziyoyev
Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Vyetnamning «ROX Group» kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Kompaniya vakillari Buxoroda ikkita, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida va Samarqandda bittadan — jami to‘rtta shaharsozlik loyihasi haqida ma’lumot berdi. Ularning umumiy maydoni 285 gektar, investitsiya hajmi 4,5 milliard dollar, loyihalar 115 ming nafar aholiga mo‘ljallangan.

Buxoro tumanida 65 gektar, Buxoro shahrida 25 gektar maydonda yangi turar joy massivlari qurilishi boshlangan. Ularda 30 ming nafar aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar, mehmonxonalar, biznes markazlari, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar barpo etish ko‘zda tutilgan.

Uchtepa tumanidagi loyiha zamonaviy shahar muhitini yaratishga, Samarqanddagi tashabbus esa mavjud sayyohlik majmuasi atrofidagi infratuzilmani kengaytirishga qaratilgan.

Vyetnamlik investor Jizzax viloyatining Zomin tumanida sanoat zonasi tashkil etish tashabbusini ham ilgari surgan. Prezident taqdim etilgan konsepsiyalarni ma’qullab, loyihalarda ilg‘or shaharsozlik yechimlarini qo‘llash zarurligini ko‘rsatib o‘tgan.

2marta ko‘rilgan
Manbalar

Yana o‘qing

2marta ko‘rilgan