Xalq banki Uzcard kartalarini Apple Pay’ga ulash imkoniyatini ishga tushirdi
Uzcard va Apple Pay: 17-noyabrdan Xalq banki mijozlari Uzcard kartalarini Apple Wallet’ga qo’shib, iPhone va Apple Watch orqali kontaktsiz to’lay oladi.
· 2 daqiqa o‘qish

17-noyabrdan O‘zbekistonda milliy to‘lov tizimi Uzcard kartalarini Apple Pay’ga ulash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu xizmatni birinchilardan bo‘lib Xalq banki ishga tushirdi: bank chiqargan Uzcard kartalarini endi Apple Wallet ilovasiga qo‘shib, iPhone va Apple Watch orqali to‘lash mumkin. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Dastlabki bosqichda Apple Pay’ga ikki bankning milliy kartalari ulandi: Xalq bankining Uzcard hamda Octobank’ning Humo kartalari. Boshqa banklar chiqargan Uzcard va Humo kartalari banklar va to‘lov tizimlarining texnik tayyorgarligiga qarab bosqichma-bosqich qo‘shib boriladi.
Kartani qanday ulash mumkin?
Buning uchun iPhone’da Wallet ilovasini ochib, «+» tugmasini bosish va ekrandagi ko‘rsatmalar bo‘yicha Xalq banki kartasini qo‘shish kifoya. Karta qo‘shilgach, uni iPhone, Apple Watch, iPad va Mac qurilmalarida ishlatish mumkin.
Do‘kon, dorixona, kafe yoki taksida to‘lash uchun telefon yoki soatni kontaktsiz to‘lovni qabul qiluvchi terminalga yaqinlashtirish yetarli. Apple Pay orqali ilovalarda va Safari brauzerida saytlarda ham xarid qilish mumkin.
To‘lovlar qanchalik xavfsiz?
Har bir to‘lov Face ID, Touch ID yoki qurilma paroli bilan tasdiqlanadi. Kartaning haqiqiy raqami telefonda ham, Apple serverlarida ham saqlanmaydi: uning o‘rniga qurilmaga alohida shifrlangan raqam beriladi. Bank kartalari bo‘yicha bonus va imtiyozlar Apple Pay orqali to‘langanda ham saqlanib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, Apple Pay O‘zbekistonda 27-oktabr kuni rasman ishga tushgan, biroq dastlab unga faqat ayrim banklarning Visa va Mastercard kartalarini ulash mumkin edi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy to‘lov tizimlari kartalarini Apple Pay bilan integratsiya qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat bo‘ldi.


