Bolgariyada 86 ta transport vositasi ishtirokida YTH yuz berdi: 11 kishi halok bo‘ldi
Bolgariyada 2026-yil 10-noyabr kuni Trakiya avtomagistralida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasida 11 kishi halok bo‘ldi, 51 kishi shifoxonalarga joylashtirildi. Hodisaga qalin tuman sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
· 2 daqiqa o‘qish

Bolgariyaning janubi-sharqiy qismida joylashgan Yambol viloyatida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. 10-noyabr kuni Trakiya avtomagistralining Zimnitsa chorrahasi yaqinida yuz bergan ikkita yirik to‘qnashuvda jami 86 ta transport vositasi ishtirok etgan. Mamlakat Ichki ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan.To‘qnashuvlar avtomagistralning har ikki yo‘nalishida yuz bergan. Sofiya tomonga harakatlanayotgan yo‘nalishda 23 ta, Burgas shahri tomon ketayotgan yo‘lda esa 63 ta transport vositasi avariyaga uchragan. Dastlabki hodisa yuk mashinasi yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus yo‘lini to‘sib qo‘yishi ortidan boshlangan. Shundan so‘ng yuk mashinasi va yengil avtomobil ham to‘qnashuvga qo‘shilgan.
Bolgariya Ichki ishlar vazirligi vakillarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hodisaning ehtimoliy sabablaridan biri hududda to‘satdan kuchaygan qalin tuman bo‘lgan. Guvohlar dastlab ko‘rish masofasi 70–80 metr atrofida bo‘lganini, keyinchalik esa 10 metrgacha qisqarganini bildirgan. Yo‘lning namligi ham vaziyatni murakkablashtirgan. Biroq avariyaning barcha sabablari tergov va ekspertiza orqali aniqlanishi kerak.
Bolgariya Sog‘liqni saqlash vazirligining 10-noyabr kuni soat 17:00 dagi yangilangan ma’lumotiga ko‘ra, hodisada jarohatlangan 51 kishi mamlakatning uchta viloyatidagi shifoxonalarga joylashtirilgan. Ulardan 33 nafari Sliven, 11 nafari Yambol va 7 nafari Burgas shahridagi tibbiyot muassasalarida davolanishni davom ettirgan. Vazirlik 13 nafar bemorning ahvoli og‘ir ekanini ham bildirgan.Hodisa yuzasidan ikkita alohida tergov ishi ochilgan. Qutqaruv ishlariga politsiya, yong‘in xavfsizligi xodimlari va tez tibbiy yordam guruhlari jalb etilgan. Avtomagistralning ikkala yo‘nalishidagi harakat vaqtincha cheklangan.


