Toshkentda haydovchini haqorat qilgan YPX inspektori lavozimidan chetlatildi
Toshkent shahrining Shahrisabz ko‘chasida haydovchi bilan tortishuv vaqtida uni haqorat qilgan YPX inspektoriga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Kichik serjant egallab turgan lavozimidan chetlatildi.
· 1 daqiqa o‘qish

8-noyabr kuni soat 20:20 atrofida Toshkent shahrining Shahrisabz ko‘chasida yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchi YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan. Ma’lum qilinishicha, haydovchi «Harakat to‘g‘riga» yo‘l belgisi talabiga amal qilmasdan, chapga burilgan.
Haydovchi va inspektor o‘rtasidagi muloqot davomida tortishuv yuzaga kelgan. Ikkinchi safarbarlik guruhi YPX inspektori, kichik serjant Rahimov ichki ishlar organlari xodimlarining odob-axloq qoidalariga zid ravishda fuqaroni haqorat qilgan. U haydovchiga «Men ko‘chaman» deya qo‘pol munosabat bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan kechiktirib bo‘lmas xizmat tekshiruvi tayinlangan. Xizmat tekshiruvi natijasida kichik serjant Rahimov egallab turgan lavozimidan chetlatilgan.
Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qilgan.


