Demokrat.uz rahbari va bloger 10 yildan ortiq muddatga qamaldi

Toshkent shahridagi Mirobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Demokrat.uz internet nashri rahbari Fazliddinxon Mehmonov va bloger Aziz G‘oipnazarovga nisbatan hukm e’lon qilindi. Ular tegishli ravishda 10 yil 3 oy va 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

· 1 daqiqa o‘qish

Ikki sudlanuvchi rasmi

2026-yil 11-noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Demokrat.uz internet nashri rahbari Fazliddinxon Mehmonov hamda bloger Aziz G‘oipnazarovga oid jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi.

Sud hukmiga ko‘ra, 1998-yilda tug‘ilgan Fazliddinxon Mehmonov Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik), 168-moddasi (firibgarlik) va 248-moddasi (o‘qotar qurol va o‘q-dorilarning qonunga xilof muomalasi) bo‘yicha aybdor deb topilgan. Unga 10 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

1991-yilda tug‘ilgan bloger Aziz G‘oipnazarov esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi — tovlamachilikda aybdor deb topilib, 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Sud qaroriga muvofiq, har ikki mahkum jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydi. Shuningdek, Fazliddinxon Mehmonovdan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish belgilangan.

Avvalroq Toshkent shahar IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ish Sergeli tumanidagi avtosalonlardan birining faoliyatiga oid videolavha bilan bog‘liq bo‘lgan. Tergov ma’lumotlarida videoni o‘chirish va boshqa materiallarni e’lon qilmaslik evaziga tadbirkordan 50 ming AQSh dollari talab qilingani qayd etilgan.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan qonunda belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.

5marta ko‘rilgan

Yana o‘qing

5marta ko‘rilgan