Koloradoda suv toshqini butun uyni oqizib ketdi: bino ko‘prikka urilib parchalandi

Pagosa-Springsda San-Xuan daryosining kuchli oqimi qirg‘oqdagi uyni poydevoridan qo‘porib ketdi. Uy piyodalar ko‘prigiga urilib parchalandi; halok bo‘lganlar yo‘q.

· 1 daqiqa o‘qish

uy va suv
KOB4

Noyabr oyining dastlabki kunlarida AQShning bir qator shtatlarida kuchli yog‘ingarchilik kuzatildi. Kolorado shtatining Pagosa-Springs shahrida San-Xuan daryosi sathi keskin ko‘tarilib, qirg‘oqda turgan uyni poydevoridan qo‘porib, oqizib ketgan.

Video HGTV teleboshlovchisi Ben Dozier tomonidan olingan va 2-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan. KRDO telekanalining xabariga ko‘ra, uy daryo bo‘ylab oqib, ko‘prikka urilgan va parchalanib ketgan. KOB 4 telekanali ham daryo oqimi bir kabina va ko‘chma uyni oqizib ketib, ko‘prikka urilganini yozgan.

San-Xuan daryosi Pagosa-Springs shahridagi o‘lchov punktida 16,81 futga (qariyb 5,1 metr) chiqqan. Bir hafta avvalgi toshqinda bu ko‘rsatkich 15,02 fut bo‘lgan, 1911-yildagi rekord esa 17,8 fut.

Yakshanba oqshomida Archuleta okrugida, jumladan San-Xuan daryosi bo‘yidagi past hududlarda majburiy evakuatsiya e’lon qilingan. Milliy gvardiya xodimlari uy-uy yurib, aholining ahvolini tekshirgan va evakuatsiyaga yordam bergan. Toshqin tufayli yo‘llar va ko‘prik yopilib, uyali aloqa uzilgan.

«Pagosa Springs Sun» gazetasining 5-noyabrdagi xabariga ko‘ra, hodisa rasmiylari ikki hafta ketma-ket bo‘lgan toshqinlarda halok bo‘lganlar va jarohat olganlar haqida ma’lumot yo‘qligini bildirgan. Toshqin Durango shahrini ham qamrab olgan.

3marta ko‘rilgan
Manbalar

Yana o‘qing

3marta ko‘rilgan