NASA butun dunyoni Voyager 1 sharafiga osmonga chiroq yoqishga chaqirdi

Voyager 1 Yerdan bir yorug‘lik kuni uzoqlikka yetmoqda: NASA 17-noyabr oqshomida osmonga chiroq yoqib, Morze alifbosida V-G-R signalini berishga chaqirdi.

· 1 daqiqa o‘qish

Voyager
Nasa Science

NASA butun dunyo aholisini 17-noyabr, seshanba kuni quyosh botgach osmonga chiroq yoqishga chaqirdi. «Shine Bright for Voyager’s Light-Day» deb nomlangan aksiya Voyager 1 kosmik apparatining tarixiy marrasiga bag‘ishlangan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Voyager 1 18-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:16 da Yerdan bir yorug‘lik kuni uzoqlikka yetadi. Bu yorug‘lik 24 soatda bosib o‘tadigan masofa bo‘lib, taxminan 25,9 milliard kilometrga teng. Hozirgacha inson yaratgan birorta qurilma bunchalik uzoqqa bormagan.

1977-yil 5-sentabrda uchirilgan apparat bu masofani 49 yil, 2 oy va 11 kunda bosib o‘tdi. Endi Yerdan yuborilgan buyruq unga 24 soatda yetib boradi, javob ham shuncha vaqtda qaytadi.

Aksiyada qatnashish uchun fonar, telefon yoki boshqa chiroqni osmonga qaratib, Morze alifbosida V-G-R harflarini yoritish kerak. VGR — Voyager apparatining qisqa belgisi.

• V: uchta qisqa, bitta uzun chaqnash

• G: ikkita uzun, bitta qisqa chaqnash

• R: qisqa, uzun, qisqa chaqnash

NASA signalni taxminan bir daqiqa davomida takrorlashni tavsiya qiladi. Agentlik buni o‘zi bajaradigan veb-sahifa ham tayyorlagan: go.nasa.gov/vgr manzilini telefonda ochib, ekranni osmonga qaratish kifoya.

Aksiya ramziy ma’noga ega: chiroq nuri apparatga yetib bormaydi. Voyager 1 bortidagi «Oltin plastinka»da ham Morze alifbosida yozilgan xabar bor: «Ad astra per aspera», ya’ni «Mashaqqatlar orqali yulduzlar sari».

6marta ko‘rilgan
Manbalar

Yana o‘qing

6marta ko‘rilgan