Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya media vakillari xalqaro forumda jam bo‘ldi
Toshkentdagi «Hilton» mehmonxonasida O‘zbekiston – Rossiya III mediaforumi ish boshladi. Ikki kunlik tadbirda media sohasidagi hamkorlik, zamonaviy texnologiyalar va axborot xavfsizligiga oid masalalar muhokama qilinmoqda.
· 1 daqiqa o‘qish

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiya media sohasi vakillarining uchinchi xalqaro uchrashuvi boshlandi. «Hilton» mehmonxonasida tashkil etilgan forum ikki mamlakat o‘rtasida axborot va kommunikatsiya yo‘nalishidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirda O‘zbekiston hamda Rossiyaning davlat tashkilotlari, axborot agentliklari, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Forum doirasidagi chiqishlarda TASS bosh direktori Andrey Kondrashov hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi boshqarmasi boshlig‘i Vadim Titov ham qatnashdi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar zamonaviy jurnalistikaning dolzarb masalalari, media makonidagi o‘zgarishlar va mamlakatlar o‘rtasidagi axborot hamkorligini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qiladi.
Dasturda raqamli texnologiyalarning OAV faoliyatiga ta’siri, sun’iy intellektdan foydalanish, yangi media mahsulotlarini yaratish va an’anaviy jurnalistikaning raqamli platformalar bilan munosabatlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, axborot xavfsizligi, internetdagi yolg‘on xabarlar tarqalishining oldini olish, bolalarni zararli kontentdan himoya qilish masalalari ham kun tartibidan joy olgan.
Forumda turizm, sport va gumanitar sohalarda media hamkorligini kuchaytirish, hujjatli hamda badiiy filmlar yaratish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqilmoqda.


