Toshkentda yomg‘ir sabab ayrim ko‘chalarda tirbandlik kuzatildi
10-noyabr kuni Toshkentda yog‘ingarchilik fonida avtomobillar harakati sekinlashdi. Ayrim yo‘nalishlarda tirbandlik darajasi yuqori bo‘lib, haydovchilar svetoforlar faoliyati bilan bog‘liq muammolar haqida ham murojaat qildi.
· 1 daqiqa o‘qish

10-noyabr kuni Toshkentda kuzatilgan yog‘ingarchilik fonida kechki vaqtda avtomobillar harakati sekinlashdi. O‘zgidrometning 9-noyabr kuni e’lon qilgan rasmiy prognozida 10-noyabr kuni poytaxtda yomg‘ir, ayrim vaqtlarda momaqaldiroq kuzatilishi mumkinligi bildirilgan. Yandex Maps ma’lumotlariga ko‘ra, soat 19:00 da Toshkentdagi tirbandlik darajasi 9 ballni, soat 20:00 da esa 7 ballni tashkil etgan. Yashnobod tumanidagi Pahlavon Mahmud ko‘chasi va Artel chorrahasi atrofida esa svetofor bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan. Telegram orqali kelib tushgan murojaatlarda svetofor kun davomida ishlamagani, buning oqibatida chorrahada avtomobillar harakati qiyinlashgani bildirilgan. Haydovchilarning murojaatlari mazkur hududdagi yo‘l harakatini tashkil etish masalasiga ham e’tibor qaratmoqda.


